SAT imtihoni nima: Digital SAT tuzilishi, vaqti va ballari
Digital SAT qanday tuzilgan: ikki bo‘lim, to‘rt modul, 98 savol, 2 soat 14 daqiqa, adaptiv modullar, Bluebook dasturi va 400–1600 ballik shkala.
SAT endi kompyuterda, College Board’ning Bluebook dasturida topshiriladi. AQShdan tashqarida imtihon 2023-yil martida raqamli formatga o‘tgan, AQShning o‘zida esa bu o‘tish 2024-yil martida yakunlangan. Eski qog‘oz kitoblardan tayyorlanayotgan bo‘lsangiz, vaqt, savollar soni va savol uslubi siz topshiradigan imtihondagidan farq qiladi.
Qisqacha tuzilishi
Imtihon ikki bo‘limdan iborat. Har bir bo‘lim teng uzunlikdagi ikkita modulga bo‘lingan.
| Reading and Writing | Math | |
|---|---|---|
| Modullar | 2 | 2 |
| Har bir modulga vaqt | 32 daqiqa | 35 daqiqa |
| Bo‘limdagi savollar | 54 | 44 |
| Bo‘lim vaqti | 64 daqiqa | 70 daqiqa |
Jami 98 ta savol, 2 soat 14 daqiqa. Ikki bo‘lim orasida 10 daqiqalik tanaffus bor.
Savollarning aksariyati test shaklida. Matematikadagi ayrim savollarda esa javobni variantlardan tanlamay, o‘zingiz yozasiz.
Adaptivlik nimani anglatadi
Har bir bo‘limning ikkinchi moduli siz uchun tanlanadi. Birinchi modulni qanday ishlaganingizga qarab, ikkinchisi qiyinroq yoki osonroq bo‘ladi. Ball hisoblanganda faqat to‘g‘ri javoblar soni emas, savollarning qiyinligi ham hisobga olinadi.
Amaliy xulosa: birinchi modulni jiddiy ishlang. U shunchaki «qizib olish» emas.
Bo‘limlarda nimalar bor
Reading and Writing qisqa matnlardan (25–150 so‘z) tuzilgan, har bir matndan keyin bitta savol keladi. Savollar to‘rt yo‘nalishni qamraydi: Information and Ideas, Craft and Structure, Expression of Ideas va Standard English Conventions.
Math bo‘limida Algebra, Advanced Math, Problem-Solving and Data Analysis hamda Geometry and Trigonometry bor. Kalkulyatordan butun Math bo‘limida foydalanish mumkin.
Bluebook va uning vositalari
Bluebook’da taymer (uni yashirib qo‘yish mumkin), savolni keyinroq qaytish uchun belgilash (mark for review), noto‘g‘ri variantlarni chizib tashlash (option eliminator), matnni belgilash va eslatma yozish vositasi, matematik formulalar varag‘i (reference sheet) hamda grafik va ilmiy rejimli Desmos kalkulyatori bor. O‘zingizning ruxsat etilgan kalkulyatoringizni olib kelishingiz ham mumkin, lekin Desmos har doim ekranda tayyor turadi.
Bu vositalarni yaxshi bilsangiz, ancha vaqt tejaysiz. Ularni imtihon kuni emas, oldindan o‘rganing.
Ball qanday hisoblanadi
- Umumiy ball: 400–1600
- Reading and Writing: 200–800
- Math: 200–800
Har bir modulda ballga hisoblanmaydigan ikkita sinov savoli bor va qaysilari ekanini bilmaysiz. Noto‘g‘ri javob uchun ball ayrilmaydi, shuning uchun College Board savolni bo‘sh qoldirgandan ko‘ra taxmin qilib belgilashni maslahat beradi.
Keyingi qadam
- Reja tuzishdan oldin sinov testi bilan hozirgi darajangizni aniqlang.
- Avval eng ko‘p ball yo‘qotayotgan mavzularingiz ustida ishlang.
- Kompyuterda, vaqt bilan mashq qiling — shunda haqiqiy imtihon sizga tanish tuyuladi.
Batafsil: Reading and Writing savol turlari, Math’da Desmos va O‘zbekistondan ro‘yxatdan o‘tish.